“Elektron hukumat” tizimining Raqamli ma’lumotlar platformasi - tijorat tashkilotlari va xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlar tomonidan o‘z tijorat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida davlat organlarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlarni uzatish uchun mo‘ljallangan apparat-dasturiy vositalar to‘plami.
Foydalanuvchilarning axborot tizimlarini Raqamli ma’lumotlar platformasiga ulash faqat himoyalangan VPN tarmog‘i orqali tashkil etiladi.
Foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi axborot almashinuvi tegishli so‘rov yuborish yo‘li bilan Raqamli ma’lumotlar platformasi yordamida amalga oshiriladi.
Raqamli ma’lumotlar platformasiga ulangan axborot tizimlari va resurslarida mavjud bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar bilan axborot almashinuvi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va ushbu sohadagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Raqamli ma’lumotlar platformasi orqali ma’lumotlar foydalanuvchining vazifalarini bajarish uchun qayta ishlash maqsadida taqdim etiladi.
Foydalanuvchi o‘ziga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarning ishonchliligi, to‘liqligi hamda dolzarbligini ta’minlash sharti bilan ularni boshqa foydalanuvchilarga, davlat organlari va tashkilotlariga Raqamli ma’lumotlar platformasi orqali belgilangan tartibda shartnoma asosida taqdim etishi mumkin.