Elektron raqamli imzo — elektron hujjatdagi imzo bo‘lib, ushbu elektron hujjat ma’lumotlarini maxsus o‘zgartirish (kriptografik qayta ishlash) natijasida elektron raqamli imzoning yopiq kaliti yordamida yaratiladi. Shuningdek, elektron raqamli imzoning ochiq kaliti orqali elektron hujjatdagi ma’lumotlar o‘zgartirilmaganini (buzilmaganini) aniqlash va ERI kaliti egasini identifikatsiya qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 12-oktabrdagi “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi O‘RQ №793-son Qonuniga muvofiq, elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo qog‘oz hujjatdagi qo‘l bilan qo‘yilgan imzo bilan teng hisoblanadi. Shuningdek, u elektron hujjatdagi ma’lumotlarning o‘zgarmasligini ta’minlash va mualliflikni tasdiqlash uchun qo‘llaniladi.
ERIni ro‘yxatdan o‘tkazish va elektron raqamli imzo kalitlari sertifikatlarini berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 348-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi (“Elektron raqamli imzo kalitini ro‘yxatdan o‘tkazish va elektron raqamli imzo sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”). Ushbu xizmatlar Davlat xizmatlari markazlari orqali hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan ko‘rsatiladi.
ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ERI kalitlari sertifikatlarini olish uchun jismoniy va yuridik shaxslar (arizachilar) Davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki elektron tarzda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari yagona interaktiv portali (Yagona portal) orqali, yoki e-imzo.soliq.uz rasmiy axborot resursi orqali murojaat qiladi.