Data.egov.uz portali - Ochiq ma’lumotlar portali hisoblanib, hozirgi vaqtda davlat organlarida foydalanuvchilar uchun katta qiziqish uyg‘otadigan ulkan axborot resurslarini o‘z ichiga oladi. Davlat organlarining ijtimoiy ahamiyatga ega axborotlarini ochiq ma’lumotlar shaklida oshkor qilish ochiq davlat boshqaruvining asosidir.
Ochiq ma’lumotlarni nashr etish va ularga kirishni ta’minlash orqali davlat organlari faoliyatining shaffofligi ta’minlanadi, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyati beriladi, shuningdek fuqarolar va biznes uchun yangi xizmatlar yaratiladi. Davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ma’lumotlarni ochiq ma’lumot shaklida e’lon qilish ularni turli axborot resurslarini shakllantirishda hamda axborot tizimlarini, shuningdek, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari uchun xizmatlar va ilovalarni ishlab chiqishda ma’lumot manbalari sifatida ishlatishga imkon beradi.
Portal O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-avgustdagi "Ochiq ma’lumotlar taqdim etilishini hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 232-sonli qarori doirasida faoliyat ko‘rsatadi.