Elektron raqamli imzolarni ro‘yxatga olish va berish tizimi

      Elektron raqamli imzo – elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgarishlar natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik mavjud emasligini aniqlash va elektron raqamli imzo kalitining egasini identifikatsiya qilish imkonini beradigan imzo. 
      O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-793-sonli “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Elektron raqamli imzoning va qo‘lda shaxsan qo‘yilgan imzoning bir xil ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etiladi hamda elektron hujjatda aks ettirilgan axborotning o‘zgartirilmasligi va avtorlikni tasdiqlash uchun qo‘llaniladi.
      Elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 348-sonli Qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi (Ro‘yxatga olish markazi) tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. 

Ro‘yxatdan o‘tish

ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ERI kalitlari sertifikatlarini olish uchun jismoniy va yuridik shaxslar (arizachilar) Davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki elektron tarzda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari yagona interaktiv portali (Yagona portal) orqali, yoki e-imzo.soliq.uz rasmiy axborot resursi orqali murojaat qiladi.