“Yoshlar kuni” doirasida vazir yoshlar bilan uchrashdi
2026-04-02 20:30
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilangani yoshlar bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Shu munosabat bilan, bugungi bayram tadbirlari doirasida Sherzod Shermatov yoshlar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida sohada tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan ochiq muloqot qilindi, ularning g‘oya va takliflari tinglandi.

Suhbat jarayonida raqamli texnologiyalar sohasida yoshlarning o‘rni, ularni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va startap loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Vazir yoshlarni faol bo‘lishga, yangi g‘oya va innovatsion yechimlar bilan chiqishga chaqirib, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

671 просмотров
Дата изменения:2026-07-22 17:57