Iyun oyida O‘zbekiston o‘quvchi qizlari o‘rtasida informatika fanidan ICT4Girls olimpiadasi o‘tkazilib, unda g‘olib bo‘lgan 12 nafar qiz uchun maxsus butkemp tashkil etilgan edi.
Butkemp so‘ngida alohida musobaqa o‘tkazilib, Informatika bo‘yicha Yevropa qizlar olimpiadasi (EGOI)da ishtirok etish uchun 4 nafar qiz saralab olindi.
Ushbu 4 nafar qizdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi 21-iyul kuni Yevropa qizlar olimpiadasida qatnashish uchun Niderlandiyaning Eyndxoven shahriga yetib keldi. 21–27-iyul kunlari bo‘lib o‘tayotgan mazkur nufuzli olimpiadada 57 davlatdan 200 ga yaqin vakil ishtirok etmoqda. Musobaqada bir necha algoritmik va muammolarni hal qilishga oid masalalar berilib, ishtirokchilar ularning yechimini belgilangan vaqt ichida ishlab chiqishlari lozim.
Olimpiada davomida qizlar nafaqat dasturlashga oid ko‘nikmalar, balki jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash, ijodkorlik hamda madaniyatlararo muloqot singari yumshoq ko‘nikmalar(soft skills)ini ham rivojlantirishga muvaffaq bo‘ladi.
EGOI’da O‘zbekiston nomini quyidagi iqtidorli qizlar himoya qilmoqda:
– Zarnigor Raximova (Buxoro viloyati)
– Oysha Mirzatillayeva (Toshkent shahri)
– Malika Xojamuratova (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)
– Solixa Dagarova (Samarqand viloyati)
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi ICT4Girls olimpiadasi hamda O‘zbekistonning Yevropa qizlar olimpiadasidagi ishtiroki Raqamli texnologiyalar vazirligi va Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan Toshkent shahridagi Amity universiteti, Uzum hamda Ucell bilan yaqin hamkorlikda tashkillashtirilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan joy olgan ushbu qizlarning har biriga olimpiadada omad tilab qolamiz.