O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi O‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-fevraldagi PQ-2761-sonli “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan faoliyat yurituvchi huquqiy axborot izlash tizimi bo‘lib, normativ-huquqiy hujjatlarni oson hamda qulay shaklda izlash va ular bilan tanishish imkonini beradi.
1. Tizimda barcha turdagi normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa tusdagi hujjatlarning elektron bazasini yaratish hamda rasmiy manbalardan foydalangan holda ushbu normativ-huquqiy hujjatlarni joylashtirish hamda elementlari bo‘yicha yuridik tahlil qilish texnologiyasini qo‘llash;
2. Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatori, qonunchilik mavzuli ma’lumotnomasi, alfavit-predmetli ko‘rsatgichlar hamda tushuncha va terminlar ma’lumotnomasi asosida tizimda barcha turdagi normativ-huquqiy hujjatlarni izlash, ma’lumotlarini tahlil qilish;
3. Tizim orqali qonunchilik hujjatlari bo‘yicha ishonchli axborot olish hamda unda bo‘layotgan o‘zgarishlardan tezkor ravishda xabardor bo‘lish (elektron pochta orqali qonunchilikdagi yangiliklar haqida xabar olish);
4. Yuridik va jismoniy shaxslarning me’yoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini ta’minlash orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish;
5. Jamiyatni huquqiy axborotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish;
6. Imkoniyati cheklangan shaxslarning tizimdan foydalanish imkoniyatini oshirish hamda milliy bazadagi katta hajmdagi ma’lumotlarni qulay hamda tez topish imkonini yaratish.