Bojxona tizimi raqamlashtirish bo‘yicha yetakchi sohalardan biri hisoblanadi. Masalan, “Xavflarni boshqarish” axborot tizimining takomillashtirilishi natijasida amaliyotga joriy etilgan “Avtorasmiylashtiruv” moduli yordamida 2022 yilda qiymati 3,5 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lgan 54 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik tarzda, inson omilisiz tizim tomonidan o‘rtacha 2-3 daqiqada rasmiylashtirildi.
Xavflarni boshqarish tizimini qo‘llashda nafaqat tovarlar, balki tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan barcha shaxslarning faoliyati (bojxona brokeri, deklaratsiya qiluvchi shaxs, ombor egasi, tashuvchi va boshqalar) nazorat ob’ekti bo‘lib xizmat qiladi va bu vijdonli ishtirokchilar faoliyatini osonlashtirishga imkon berdi.
So‘nggi yillarda ishga tushirilgan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida esa tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq barcha ruxsatnoma tartibotlariga oid 12 ta vakolatli organning 50 turdan ortiq rusxatnoma hujjatlarini ushbu tizim orqali olish imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda tizim orqali 65 mingdan ortiq tadbirkorlarga 3 mln. ruxsatnomalar taqdim etilgan. Mazkur axborot tizimi orqali har bir idora tomonidan ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun sarf etilgan vaqtni monitoring qilish imkoniyati yaratildi.
2022 yilda “Ye-Tranzit”, “Yuk operatsiyalari”, “Ye-Navbat”, “Bojxona to‘lovlari bo‘yicha dastlabki qaror olish” kabi axborot tizimlarining ishga tushirilganligi esa sohani raqamlashtirishda hal qiluvchi qadam bo‘ldi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida, eksportda 86 % va importda 76 % tovarlar soddalashtirilgan tartibda, ya’ni bojxona ko‘rigisiz faqatgina hujjatli tekshirish asosida rasmiylashtirildi.
Umumiy rasmiylashtiruv vaqti eksportda 4,5 barobar, importda esa 2 barobar qisqardi, bojxona ko‘riklari soni 1,7 marta kamayib, samaradorlik 41 foizga ortdi.
Jahon banki tomonidan e’lon qilinadigan “Logistika samaradorligi indeksi”ning 2023 yilgi natijalarida O‘zbekiston 139 ta davlat orasida 2018 yildagi hisobotga nisbatan 11 pog‘onaga yaxshilanib, 88-o‘rinni egalladi. Bunda, 6 ta subindikatorlardan biri hisoblangan “bojxona samaradorligi” bo‘yicha 66 ta o‘ringa yaxshilanib, 74-o‘rin (2018 yil 140-o‘rin) qayd etilishi umumiy reyting ko‘rsatkichlarining o‘zgarishida munosib rol o‘ynadi.