Tizimning vazifasi:
«EGRIS» ATning vazifasi tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar operatorlari va o‘yinchilar o‘rtasidagi moliyaviy operatsiyalarni hisobga olish va amalga oshirish, shuningdek stavkalarni amalga oshirishda foydalanuvchilar uchun xavfsiz va qulay shart-sharoitlarni ta’minlashdan iborat.
Asos:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 apreldagi «Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-68-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 6 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 apreldagi PF-68-son “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 814-son qarori.
«EGRIS» axborot tizimi tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yin faoliyatining barcha ishtirokchilari, ularning stavkalari va yutuqlari, shuningdek bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi litsenziyalangan kompaniyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd etish imkonini beradi.
«EGRIS» axborot tizimini yaratishdan maqsad tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar operatorlari va o‘yinchilar o‘rtasidagi moliyaviy operatsiyalarni nazorat qilish va amalga oshirish uchun ishonchli va xavfsiz axborot tizimini yaratish, shuningdek qonunchilikning barcha talablariga muvofiqlikni ta’minlashdan iborat.
«EGRIS» AT vazifalari:
• interaktiv stavkalar bilan bog‘liq barcha moliyaviy operatsiyalarni hisobga olishning shaffofligi va aniqligini ta’minlash;
• tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar sohasidagi moliyaviy operatsiyalarni tartibga soluvchi barcha normativ talablarga rioya etilishini ta’minlash;
• eskrou hisobvarag‘idan foydalangan holda stavkalar uchun pul mablag‘larini o‘tkazishning qulay va xavfsiz usulini ta’minlash;
• foydalanuvchilarga yagona to‘lov interfeysi orqali elektron balanslarni to‘ldirish va yutuqlarni yechib olish imkoniyatini taqdim etish;
• foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va identifikatsiya qilishning qulay va tezkor jarayonini ta’minlash;
• foydalanuvchilar ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash uchun ishonchli identifikatsiya usullaridan foydalanish;
• foydalanuvchilarga operatsiyalar tarixi bilan tanishish imkoniyatini taqdim etish;
• o‘yinchilarga o‘z stavkalarini nazorat qilish va cheklovlar o‘rnatish imkonini beruvchi mexanizmlarni joriy etish;
• xavflarni kamaytirish va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlariga qaramlikning oldini olish maqsadida tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlariga mas’uliyatli yondashuvni qo‘llab-quvvatlash;
• Regulyator tomonidan belgilanishi mumkin bo‘lgan limitlarni joriy etish;
• barcha qonuniy qimor o‘yinlari operatorlari tizimlari bilan integratsiya qilish uchun yagona platformani ta’minlash;
• o‘yinchilar va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar operatorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik jarayonini soddalashtirish;
• foydalanuvchilar ma’lumotlarini himoya qilish va ruxsatsiz kirishning oldini olish.