Lex.uz milliy bazaning yaratilishi bir qator afzallikarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, mobillik. Lex.uz tizimidan dunyoning istalgan mamlakatidan turib Internet tarmog‘iga ulangan holda foydalanish mumkin. Biror bir qo‘shimcha dasturiy ta’minotni o‘rnatini talab etmaydi. Ikkinchidan, qulaylik. Boshqa mavjud dasturlarni doimo yangilab borish lozim, bu esa foydalanuvchilardan qo‘shimcha mablag‘ yoki vaqt talab qiladi. Lex.uz tizimidagi barcha ma’lumotlar onlayn tarzda yangilanib boriladi. Uchinchidan, ishonchlilik. Lex.uz tizimi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli bo‘lib, barcha hujjatlar faqat rasmiy manbalardan foydalangan holda kiritilishi tizimdagi ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlaydi. Shuningdek, so‘nggi yana bir muhim xususiyati mutlaqo bepuldir
Yuridik va jismoniy shaxslarning me’yoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini ta’minlash orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatni huquqiy axborotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish
1) O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasini shakllantirish va yuritish, shuningdek ushbu milliy bazada normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy nashr etilishini, ularning turkumlashtirilgan hisobini va nazorat nusxalarini elektron shaklda yuritilishini ta’minlash; 2) jismoniy va yuridik shaxslarning Milliy bazadan belgilangan tartibda foydalanishini ta’minlash; 3) normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan Ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazish; 4) Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida qonun hujjatlariga norasmiy sharhlar (Lex.uz sharhi) va tushuntirish materiallarini joylashtirish; 5) tezkor, shiddatli davr islohotlari talablari asosida yangi qabul qilinayotgan qonunlar, farmon, qarorlar va boshqa huquqiy hujjatlar mazmuni va ulardagi o‘zgarishlar bilan O‘zbekiston fuqarolarini muntazam xabardor etib borish; 6) aholining turli qatlamlari, o‘quvchi yoshlar, kichik yoshdagi kitobxonlar, imkoniyati cheklangan shaxslar, talabalar, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar, davlat xizmatchilari uchun huquqiy axborot taqdim etish; 7) barcha hujjatlarga tegishliligi bo‘yicha qonunchilik tarmoqlarining umumhuquqiy klassifikatori bo‘yicha kodlar berish; 8) Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida foydalanuvchilar uchun qo‘llanmalar tayyorlashdan iborat.