Openinfo axborot portali Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi Bosh direktorining 2014-yildagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2383) asosida ishlab chiqilgan.
Mazkur portal qimmatli qogʻozlar bozorida axborotlarning oshkoraligini ta’minlash maqsadida yaratilgan bo‘lib, emitentlar tomonidan majburiy ravishda oshkor qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni yagona axborot resursida jamlashga xizmat qiladi. Xususan, portal orqali emitentlar muhim faktlar, moliyaviy hisobotlar (yillik va choraklik, BXMS hamda auditorlik xulosalari bilan birga), emissiya prospektlari, ustav hujjatlari va rasmiy e’lonlarni joylashtiradilar.
Openinfo portali nafaqat emitentlar, balki investorlar va boshqa manfaatdor foydalanuvchilar uchun ham mo‘ljallangan bo‘lib, oshkor etilgan ma’lumotlarning tushunarli, tizimli va qulay shaklda taqdim etilishini ta’minlaydi. Portal investorlarning xabardorligini oshirish hamda qimmatli qogʻozlar bozorida ishonchli axborot muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tizim maqsadlari:
Openinfo axborot portalining asosiy maqsadi qimmatli qogʻozlar bozorida axborotlarning oshkoraligini ta’minlash orqali emitentlarga o‘z faoliyati va majburiy oshkor etilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish uchun yagona va ishonchli platforma yaratishdan iborat.
Portalning yana bir muhim maqsadi oshkor qilingan ma’lumotlarni investorlar va boshqa manfaatdor foydalanuvchilarga tartibli, qulay va tushunarli interfeys orqali taqdim etish, shuningdek, investitsion qarorlar qabul qilish jarayonida axborotdan samarali foydalanish imkonini yaratishdir.
Bundan tashqari, tizimning maqsadlaridan biri emitentlar tomonidan hisobot va ma’lumotlarning belgilangan muddatlarda joylashtirilishini ta’minlash hamda ushbu jarayon ustidan vakolatli organlar va moderatorlar tomonidan nazoratni amalga oshirish imkonini beruvchi mexanizmlarni joriy etishdan iborat.
Tizim vazifalari:
Openinfo axborot portali quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
emitentlar tomonidan majburiy oshkor qilinishi lozim bo‘lgan axborotlarni elektron shaklda qabul qilish, saqlash va e’lon qilish;
moliyaviy hisobotlar, muhim faktlar, emissiya hujjatlari va boshqa ma’lumotlarni yagona axborot maydonida tizimlashtirish;
investorlar uchun emitentlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan qulay va tezkor foydalanish imkonini yaratish;
hisobotlarning belgilangan muddatlarda taqdim etilishini monitoring qilish va bu borada moderatorlar uchun nazorat mexanizmlarini ta’minlash;
axborotlarning ishonchliligi va yaxlitligini ta’minlash orqali bozor ishtirokchilari o‘rtasida ochiqlik va ishonch muhitini shakllantirish.