My.gov.uz orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni kengaytiriladi
2026-07-15 00:00

"Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026-y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (Yagona portal) quyidagi xizmatlar joriy etiladi:

jismoniy va yuridik shaxslarga o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’yektlari va avtomototransportlarni garovga yoki ipotekaga qo‘yishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish;
fuqarolarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va bank kartalari to‘g‘risida ma’lumot olish  va ushbu jarayonni boshqarishning quyidagi imkoniyatlarini yaratish:

▪️ telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish (faollashtirish) va o‘zi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish haqida arizalar kiritish;

▪️ telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida ma’lumot olish;

▪️ bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish;

▪️ fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona portal orqali xabardor qilish va ular hisobini yuritish.

Manba: egov.uz

78 просмотров
Дата изменения:2026-10-22 15:58